1-mavzu: Aksiologik paradigma va qadriyatga yo‘naltirilgan ta’lim

Trening turi: Ma’ruza + amaliy + muhokama (60 daqiqa)

Auditoriya: Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari

Format: Blended (nazariy + interaktiv)

 

Maqsad: Ishtirokchilarda aksiologik paradigmaga oid nazariy tushunchalarni shakllantirish, qadriyatga yo‘naltirilgan ta’limning mohiyati va amaliy ahamiyatini anglatish, 5 modulli model bilan tanishtirish.

 

Kutilayotgan natijalar

Ishtirokchi: aksiologiya, ob’yektiv va sub’yektiv qadriyatlar tushunchasini izohlaydi; aksiologik paradigma va kompetensiyaviy yondashuv uygunligini asoslaydi; qadriyat indikatorlarini (kognitiv, emotsional, xulqiy) ajrata oladi; 5 modulli modelning konseptual xaritasini tushuntira oladi.

 

Dars tuzilmasi va ssenariy

1-bosqich. Kirish va motivatsiya (10 daqiqa)

Metod: Ice-breaker “Qadriyatli sinf”

Metodning maqsadi. Treningning birinchi daqiqalaridan ishtirokchilarni faol fikrlashga jalb etish, ularning shaxsiy tajribasi asosida qadriyatlar tushunchasini ochish va aksiologik paradigmaga kirish yaratish. Metod o‘qituvchilarning “ideal sinf” haqidagi tasavvurlarini aniqlash orqali qadriyatlarning ta’limdagi markaziy o‘rnini anglatishga xizmat qiladi.

Trener savoli: “Siz uchun ideal sinf qanday?”

Savol ataylab ochiq va umumiy qo‘yiladi, chunki u ishtirokchilarni bilim haqida emas, balki qadriyatlar haqida o‘ylashga majbur qiladi.

Ishtirokchilar 3 ta so‘z bilan javob yozadi (stiker)

Odatda quyidagi javoblar chiqadi: hurmat, hamkorlik, tartib, mehr, adolat, ishonch, faoliyat, quvonch, mas’uliyat va hokazo.

Trener umumlashtiradi: “Bu so‘zlar – qadriyatlar ifodasi.”

“Siz yozgan bu so‘zlar – bilim emas, formulalar emas, balki qadriyatlar. Demak, ideal sinf bilimdan oldin qadriyatlar muhitidir. Aksiologik paradigma aynan shuni aytadi: ta’limning markazida – inson qadri.”

 

2-bosqich. Nazariy blok (20 daqiqa)

Ma’ruza mazmuni:

Aksiologiya: qadriyatlar haqidagi falsafiy ta’limot

Qadriyatlar haqidagi falsafiy ta’limot aksiologiya deb ataladi. Aksiologiya (yunoncha axios – “qadrli”, logos – “ta’limot”) inson va jamiyat hayotida qadriyatlarning mohiyati, manbai, tuzilishi, rivojlanish mexanizmlari hamda ularning ijtimoiy-amaliy ahamiyatini o‘rganuvchi falsafiy fan sifatida shakllangan. U “nima qadrli?”, “nega qadrli?”, “qanday qilib qadriyat shakllanadi?” kabi fundamental savollarga javob izlaydi va shu orqali shaxsning dunyoqarashi, axloqiy pozitsiyasi hamda hayotiy tanlovlarini izohlaydi.

Aksiologiya doirasida qadriyatlar ob’yektiv va sub’yektiv tusda talqin qilinadi. Ob’yektiv qadriyatlar jamiyat tomonidan umume’tirof etilgan, tarixiy tajriba va madaniy taraqqiyot jarayonida shakllangan barqaror mezonlar bo‘lib, adolat, ezgulik, haqiqat, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni o‘z ichiga oladi. Sub’yektiv qadriyatlar esa shaxsning individual tajribasi, ehtiyojlari, motivlari va dunyoqarashi bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi; ular insonning qadriyatlarga bo‘lgan munosabati, ichki pozitsiyasi va axloqiy tanlovlarini belgilaydi.

Falsafiy jihatdan aksiologiya ontologiya, gnoseologiya va etika bilan uzviy bog‘liqdir: qadriyatlarning borliqdagi o‘rni (ontologik asos), ularni anglash jarayoni (gnoseologik asos) va axloqiy me’yorlar bilan munosabati (etik asos) kompleks tahlil qilinadi. Shu sababli aksiologiya nafaqat nazariy fan, balki ta’lim, tarbiya, madaniyat va ijtimoiy siyosat uchun metodologik poydevor vazifasini bajaradi.

Ta’lim tizimida aksiologik ta’limot shaxsni bilimli mutaxassis sifatidagina emas, balki ma’naviy-axloqiy yetuk, ijtimoiy mas’uliyatli va fuqarolik pozitsiyasiga ega inson sifatida tarbiyalashni ko‘zda tutadi. Demak, qadriyatlar haqidagi falsafiy ta’limot ta’lim mazmunini tizimlashtirishda strategik ahamiyat kasb etib, shaxs kamolotining kognitiv, emotsional va xulqiy komponentlarini bir butun integrativ tizimda shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Ob’yektiv (umuminsoniy, milliy) va sub’yektiv (shaxsiy) qadriyatlar

Aksiologiya nazariyasida qadriyatlar mohiyati va amal qilish doirasiga ko‘ra ob’yektiv va sub’yektiv turlarga ajratiladi. Bu tasnif qadriyatlarning jamiyat va shaxs hayotidagi o‘rnini, ularning shakllanish mexanizmlarini hamda ta’lim jarayonida qanday integratsiya qilinishini metodologik jihatdan asoslash imkonini beradi.

Ob’yektiv qadriyatlar – jamiyat tomonidan umume’tirof etilgan, tarixiy-madaniy taraqqiyot jarayonida shakllangan va barqaror ahamiyat kasb etuvchi qadriyatlardir. Ular shaxs irodasidan qat’i nazar mavjud bo‘lib, ijtimoiy hayotning axloqiy, huquqiy va madaniy me’yorlarini belgilaydi. Ob’yektiv qadriyatlar ikki darajada namoyon bo‘ladi:

Umuminsoniy qadriyatlar: adolat, ezgulik, haqiqat, insonparvarlik, tinchlik, hamkorlik, mas’uliyat, erkinlik kabi butun insoniyat uchun umumiy ahamiyatga ega bo‘lgan mezonlar.

Milliy qadriyatlar: xalqning tarixiy tajribasi, urf-odati, madaniy merosi va ijtimoiy an’analari bilan bog‘liq qadriyatlar bo‘lib, vatanparvarlik, ota-onaga hurmat, mehnatsevarlik, mehmondo‘stlik, jamoaviylik, kattaga izzat, kichikka mehr kabi fazilatlarda ifodalanadi.

Sub’yektiv qadriyatlar esa shaxsning individual tajribasi, ehtiyojlari, qiziqishlari va dunyoqarashi asosida shakllanadigan qadriyatlardir. Ular ob’yektiv qadriyatlarning shaxs ongida aks etishi, ichki qabul qilinishi va hayotiy pozitsiyaga aylanishi natijasida vujudga keladi. Masalan, adolatning jamiyat uchun ob’yektiv qadriyat bo‘lishi shaxs uchun “men adolatli bo‘lishim kerak” degan ichki e’tiqodga aylanganda, u sub’yektiv qadriyat sifatida namoyon bo‘ladi.

Ta’lim jarayonida ob’yektiv qadriyatlar mazmuniy asos vazifasini bajaradi, sub’yektiv qadriyatlar esa o‘quvchining ichki motivatsiyasi va axloqiy tanlovlari orqali shakllanadi. Aksiologik yondashuvning strategik vazifasi – umuminsoniy va milliy qadriyatlarni shaxsiy qadriyatlarga aylantirish, ya’ni ularni o‘quvchining kognitiv (bilim), emotsional (munosabat) va xulqiy (amal) darajalarida ichki ehtiyoj va hayotiy pozitsiyaga integratsiya qilishdan iboratdir.

 

Aksiologik paradigma: ta’limda inson qadrini bosh mezon sifatida belgilash

Aksiologik paradigma ta’limni qadriyatlar nuqtayi nazaridan talqin qiluvchi konseptual yondashuv bo‘lib, unda inson qadr-qimmati ta’lim jarayonining markaziy mezoni sifatida belgilanadi. Mazkur paradigma “nima o‘qitiladi?” degan savoldan ko‘ra “kim tarbiyalanadi?” va “qanday shaxs shakllantiriladi?” degan savollarni ustuvor deb biladi. Shu bois, ta’lim mazmuni faqat bilimlar majmuasi sifatida emas, balki shaxsning ma’naviy-axloqiy kamolotini, ijtimoiy mas’uliyatini va fuqarolik pozitsiyasini rivojlantiruvchi qadriyatlar tizimi sifatida qaraladi.

Aksiologik paradigma asosida ta’lim jarayoni insonni faol subyekt sifatida e’tirof etadi. O‘quvchi ta’limning obyekti emas, balki o‘z rivojlanish trayektoriyasini ongli ravishda quruvchi, qadriyatlarni anglaydigan va ularga muvofiq harakat qiladigan shaxsdir. Shu ma’noda, ta’limda bilim, ko‘nikma va malaka qadriyatlar bilan uyg‘unlashib, shaxsning kognitiv (bilim), emotsional (munosabat) va xulqiy (xatti-harakat) komponentlarini bir butun integrativ tizimda shakllantiradi.

Mazkur paradigmada inson qadrini e’tirof etish bir nechta metodologik tamoyillarda namoyon bo‘ladi:

insonparvarlik – har bir o‘quvchining sha’ni, qadr-qimmati va imkoniyatlarini hurmat qilish;

shaxsga yo‘naltirilganlik – ta’lim mazmuni va texnologiyalarini o‘quvchining ehtiyojlari va qobiliyatlariga moslashtirish;

ma’naviy-axloqiy ustuvorlik – bilim berish jarayonini axloqiy tarbiya bilan integratsiyalash;

ijtimoiy mas’uliyat – o‘quvchini jamiyat oldidagi burchini anglaydigan fuqaro sifatida shakllantirish.

Shunday qilib, aksiologik paradigma ta’limni inson qadrini yuksaltiruvchi ijtimoiy-madaniy institut sifatida talqin etib, ta’lim mazmunini tizimlashtirishda qadriyatlarni strategik tayanch sifatida belgilaydi. Bu yondashuv boshlang’ich ta’limda bolaning ma’naviy asoslarini qo’yish, uning axloqiy tanlovi va ijtimoiy pozitsiyasini shakllantirish uchun metodologik poydevor bo’lib xizmat qiladi.

 

Kompetensiyaviy yondashuv bilan integratsiya: bilim + ko‘nikma + malaka + qadriyat

Bu integratsiyada bilim – o‘quvchining qadriyatlarning mazmuni, mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini anglashiga xizmat qiladi (masalan, adolat nima, nega muhim?).

Ko‘nikma – bu bilimni real vaziyatlarda qo‘llay olish, muloqot qilish, muammo yechish, hamkorlikda ishlash qobiliyatidir.

Malaka – ko‘nikmalarning barqarorlashgan, avtomatlashtirilgan darajasi bo‘lib, shaxsning kundalik faoliyatida qadriyatlarga mos xulqni ta’minlaydi.

Qadriyat esa ushbu uch komponentni ichki motivatsiya va axloqiy tanlov bilan birlashtirib, o‘quvchining “men shunday bo‘lishim kerak” degan ichki e’tiqodini shakllantiradi.

Shu tariqa, kompetensiyaviy-aksiologik integratsiya ta’lim natijasini faqat “nima biladi?” savoli bilan emas, balki “qanday shaxs bo‘lib yetishadi?” savoli bilan baholashga imkon beradi. Bu yondashuv boshlang‘ich ta’limda bolada bilimlarni egallash bilan bir qatorda, insonparvarlik, mas’uliyat, vatanparvarlik, mehnatsevarlik va tanqidiy fikrlash kabi tayanch qadriyatlarni barqaror kompetensiya sifatida shakllantirishning metodologik asosini yaratadi.

 

3-bosqich. Amaliy keys (20 daqiqa)

Keys: “Sinfda hurmatsizlik holati”

Vaziyat: 3-sinfda o‘quvchilar bir-birini masxara qilmoqda.

Bu vaziyatda insonparvarlik, hurmat va hamkorlik qadriyatlari buzilmoqda. Masxara qilish orqali o‘quvchilar: boshqaning qadr-qimmatini mensimaslik, empatiya yetishmasligi, ijtimoiy mas’uliyat pastligi kabi holatlarni namoyon qilmoqda.

Savollar:

1. Qaysi qadriyat buzildi?

2. Qaysi indikator (kognitiv/emotsional/xulqiy) yetarli rivojlanmagan?

3. Qaysi modul yordam beradi?

Guruhda tahlil va taqdimot

 

4-bosqich. Refleksiya va yakun (10 daqiqa)

Metod: “3–2–1”

Metodning maqsadi. Mashg‘ulot yakunida ishtirokchilarning o‘zlashtirgan bilimlarini ongli ravishda qayta ishlash, ularni amaliy faoliyat bilan bog‘lash va keyingi bosqichga motivatsiya yaratish. “3–2–1” metodi aksiologik yondashuvga mos ravishda bilim–munosabat–harakat integratsiyasini ta’minlaydi.

3 ta yangi bilim

2 ta amaliy g‘oya

1 ta savol

Trener umumlashtiradi va keyingi soat bilan bog‘laydi.

 

Baholash

Ishtirok etish faolligi

Keys yechimi sifati

Refleksiya mazmuni

Resurslar

Slaydlar

Padlet / stikerlar

5 modulli konseptual xarita poster

 

Trener uchun eslatma

Nazariyani real maktab misollari bilan boyiting

Har bir bosqichda “qadriyat → indikator → modul” bog‘lanishini ko‘rsating

Ishtirokchilarni faol savol berishga undang